«Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy»
1 min read

«Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy»

Bugun, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Namangan viloyati boʻlimi tashabbusi bilan viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining faollar zalida «Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy» tamoyili asosida viloyatdagi mahallalarda yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi va tantanali tadbir oʻtkazildi.

Yigʻilishda viloyat hokimligi, oliy taʼlim muassasalari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat, shahar va tumanlar boʻlim va boʻlinmalari rahbarlari hamda mahallalarda namunali ish tashkil etgan oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari ishtirok etdilar. Yigʻilishda Markazning viloyat boʻlimi rahbari Musoxon Appakov soʻzga chiqib, oʻtgan davr mobaynida «Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy» tamoyili asosida viloyatdagi mahallalarda amalga oshirilgan ishlar, faoliyatda erishilgan yutuqlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, kelgusidagi vazifalar yuzasidan axborot berdi.

Oʻziga biriktirilgan mahallalarda samarali faoliyat olib borgan Namangan davlat universiteti katta oʻqituvchisi Yulduzxon Toʻxtaboyeva, Namangan muhandislik-texnologiya instituti dotsenti Turdiali Malikov, Namangan muhandislik-qurilish instituti kafedra mudiri Ahmadjon Toʻxtaboyevlar soʻzga chiqib, oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Yigʻilishda viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev ishtirok etdi va kelgusida mazkur tamoyil asosida mahallarda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab berdi. Yigʻilish yakunida yil davomida oʻziga biriktirilgan mahallalarda namunali ish tashkil etgan va samarali faoliyat olib borgan bir guruh ziyolilarga viloyat hokimligining Tashakkurnomalari hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimining qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Shuningdek, Markazning barcha tuman va shahar boʻlinmalariga kompyuter jamlanmalari, shu jumladan, A3 formatdagi rangli printer uskunalari tantanali ravishda taqdim etildi.

Fikr bildirish