O‘zbekistonda oldindan buyurtma qilingan navbat asosida chegara punktini tezkor kesib o‘tish mexanizmi joriy etiladi
1 min read

O‘zbekistonda oldindan buyurtma qilingan navbat asosida chegara punktini tezkor kesib o‘tish mexanizmi joriy etiladi

Foto: Kun.uz

“Davlat chegarasi orqali fuqarolar harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib o‘tish jarayonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib o‘tish jarayonlarini raqamlashtirish orqali, unga sarflanadigan vaqtni keskin qisqartirish va fuqarolarga yanada qulayliklar yaratish, chegara o‘tkazish punktlarini tezkor kesib o‘tish mexanizmini o‘z ichiga olgan onlayn rejimida navbat buyurtma qilish mexanizmlarini amaliyotga joriy etish maqsadida ishlab chiqildi.

Mazkur qaror loyihasi bilan tashuvchilar va jismoniy shaxslarga chegara o‘tkazish punktlarida rasmiylashtiruv jarayonlarini yanada tezlashtirish, ularning chegarani kesib o‘tishda sarflaydigan vaqtini keskin qisqartirish hamda o‘tkazish punktlaridagi tirbandliklar oldini olish maqsadida “Elektron navbat” va “Fast-track” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari yaratilmoqda.

Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganib chiqqan holda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, mazkur xizmatlardan foydalanish, oldindan buyurtma qilingan navbatlar asosida chegara o‘tkazish punktlarini tezkor kesib o‘tish mexanizmi joriy etilmoqda.

Qaror loyihasi qabul qilinishi bilan quyidagilarga erishiladi:

  • jismoniy shaxslar va tashuvchilar uchun yaratilgan elektron navbatlar asosida chegara o‘tkazish punktlaridagi mavjud tirbandliklar bartaraf etiladi;
  • o‘tkazish punktlari orqali rejalashtirilgan navbatlar asosida harakatlanish imkoniyati mamlakat turizm, savdo-iqtisodiy va investitsion salohiyatini yanada oshiradi;
  • bojxona chegaralari orqali harakatlanish tartibotlarini jahon standartlariga muvofiqligini ta’minlaydi;
  • O‘zbekiston bojxona hududiga olib kiriladigan hamda O‘zbekiston hududi orqali tranzit tartibida olib o‘tiladigan chet el tovarlarining chegarada bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun sarflanadigan vaqt qisqaradi.

Fikr bildirish