2024 yildan boshlab bitiruvchilar uchun yakuniy davlat attestatsiyasi DTM tomonidan imtihon shaklida o‘tkaziladi
1 min read

2024 yildan boshlab bitiruvchilar uchun yakuniy davlat attestatsiyasi DTM tomonidan imtihon shaklida o‘tkaziladi

Prezident “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Davlat test markazi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 sentabrga qadar 2024 yildan boshlab umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini Davlat test markazi tomonidan imtihonlar shaklida o‘tkazishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Belgilab qo‘yilishicha, Xalq ta’limi vazirligining:

ta’lim berishga mo‘ljallangan binolari va inshootlarini ta’lim sohasidan tashqari boshqa maqsadlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi taqiqlanadi;

ta’lim berishga mo‘ljallangan, bo‘sh turgan binolari hamda inshootlarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga berish ular joylashgan hududning kamida 5 yillik demografik ko‘rsatkichlarini inobatga olib, xalq ta’limi vazirining roziligini olgan holda amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2022 yil 1 sentabrdan boshlab:

xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlar rahbarlariga budjetdan tashqari mablag‘larini mustaqil tasarruf etish huquqi beriladi;

2025 yil 1 yanvarga qadar xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi;

qo‘shimcha xizmat ko‘rsatishdan tushgan budjetdan tashqari mablag‘larni yashirgan, shuningdek, xodimlarga norasmiy ish haqi to‘lagan xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning rahbarlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Fikr bildirish