O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul miqdori rekord darajada ko‘paydi
1 min read

O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul miqdori rekord darajada ko‘paydi

Joriy yilning 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul miqdori 33,1 trln so‘mga teng bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

 

Foto: “Daryo”

Shu tariqa muomaladagi naqd pul miqdori o‘tgan oyga nisbatan 5,3 trln so‘mga ko‘payib, 2013-yildan beri rekord darajaga yetdi. Statistika aynan shu yildan boshlab keltirilgan.

Bundan avvalgi eng ko‘p miqdor 2020-yilning avgustiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda muomaladagi naqd pul miqdori 29,5 trln so‘mga yetgan edi.

O‘tgan oyda faqatgina naqd pul emas, balki pul agregatlarining deyarli barcha komponentlari sezilarli darajada o‘sgan.

1-may holatiga ko‘ra, keng ma’nodagi pul massasi 12,5 trln so‘mga oshgan holda 145,2 trln so‘mni tashkil qildi. Milliy valyutadagi pul massasi esa 12,9 trln so‘mga ko‘payib, 101,3 trln so‘m bo‘ldi.

Pul massasining o‘sishi vakillik hisobvaraqlaridagi qoldiqlarning o‘sishiga ham turtki bo‘lgan. Ushbu qoldiq oy davomida 6,3 trln so‘mga o‘sgan va 21,8 trln so‘mga yetgan.

Avvalroq O‘zbekistonda mayda pullar kamayib ketayotgani haqida xabar berilgan edi.

Fikr bildirish