3 mins read

YANGI OʻZBEKISTON — MAʼRIFATLI JAMIYAT!

2022-2026 yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi”ning 2022 yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla” yiliga bagʻishlangan davlat dasturida koʻrsatib oʻtilgan “Yangi Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat!” shiori ostidagi “Maʼnaviyat festivali”ni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, viloyat Kasaba uyushmasi Madaniyat sport va turizm birlashgan Qoʻmitasi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi, tuman hokimligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan Namangan viloyati Chortoq tumani Peshqoʻrgʻon qishlogʻida 2022 yil 23 may kuni “Moziyga qaytib…”, “Buyuk tariximiz va ulugʻ ajdodlarimizga munosib boʻlaylik!” hamda “Peshqoʻrgʻon adabiy muhiti” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbir tashkil etildi.

Chortoq tumanidagi 22-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida boshlangan ushbu tadbirda Peshqoʻrgʻon qishlogʻi aholisi, qatagʻon qurbonlarining avlodlari, olimlar, ijodkor-ziyolilar, maʼnaviyat targʻibotchilari, “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzolari hamda yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Shundan soʻng, mehmonlar maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan turli xil koʻrgazmali chiqishlardan bahramand boʻlishdi.
Tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari M.Appakov ochib berib, oʻtgan asrda Chortoq tumani Peshqoʻrgʻon qishlogʻida koʻplab istiqlol qahramonlari yashagani, ushbu hudud aholisi oʻrtasida ilm-fan oʻz davrida yetuk darajaga chiqqani, bu haqida shoh Z.M.Bobur ham oʻz asarlarida bayon etganligi, shuningdek, bugungi kunda ushbu qishloq aholisini ilmga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi boʻyicha gapirib oʻtdi.

Shundan soʻng, tadbirda bir qator maʼruzachilar Namangan davlat universiteti oʻqituvchisi, tarix fanlari nomzodi A.Isoqboyev “Z.M.Boburning “Boburnoma” asarida bayon etilgan Peshqoʻrgʻon tarixi” mavzusida, viloyat Nuroniylar kengashi raisi, El-yurt ordeni sohibi, Senator I.Najmiddinov “Baliqli koʻl yoxud Sulton Hazrati Uvays Qaroniy ziyoratgohi” mavzusida, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi, adabiyotshunos M.Mamatvaliyev “Peshqoʻrgʻon adabiy muhiti: kecha va bugun” mavzusida, Turon fanlar akademiyasining akademigi R.Egamberdiyev “Peshqoʻrgʻon dargʻalari” mavzusida, viloyat Kasaba uyushmasi, Madaniyat, sport va turizm birlashgan Qoʻmitasi raisi I.Soliyev “Peshqoʻrgʻonning tarixi, istiqlol kurashchilari” mavzusida tarixiy manbalarda berilgan faktlar asosida oʻz fikr va mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

Tadbir davomida bir guruh madaniyat va sanʼat xodimlari hamda shoir va yozuvchilar tomonidan sheʼriyat va gʻazalxonlik, maqom va bahshichilik kechalari tashkil etildi. Shuningdek, tadbirda maktab oʻqituvchi va oʻquvchilarining mavzuga oid turli tarixiy chiqishlari viloyatimizning turli chekka hududlaridan hamda Qashqadaryo viloyatidan tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbirning ikkinchi qismi Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida davom ettirildi. Ushbu joyda tuman hokimligi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ajdodlar ruhini eʼzozlash maqsadida ehson tashkil etildi. Tashrif buyurgan mehmonlarga avvalo ziyoratgoh boʻyicha maʼlumotlar berildi. Soʻng barcha ishtirokchilar ushbu joyda tashkil etilgan tushlikka taklif etildi.

Tadbir yakunida mehmonlarga hamda Peshqoʻrgʻon qishlogʻidagi qatagʻon qurbonlarining avlodlari va bir guruh faollarga hamkor tashkilotlar tomonidan tayyorlangan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Fikr bildirish