Rossiya Mehnat vazirligi O‘zbekistondan kelishi mumkin bo‘lgan migrantlar soniga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashni rejalashtirmoqda
2 mins read

Rossiya Mehnat vazirligi O‘zbekistondan kelishi mumkin bo‘lgan migrantlar soniga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashni rejalashtirmoqda

Rossiya Mehnat vazirligi Rossiyaga chet elliklarni ishga joylashtirish bo‘yicha pilot loyiha doirasida mamlakatga kirishi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlar soniga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashni taklif qilmoqda. Hozirda ushbu cheklovga ko‘ra, pilot loyiha doirasida 10 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga ishlash uchun bora oladi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: Sputnik

Shuningdek, idora tarmoq tamoyilini bekor qilish tarafdori — hozircha mamlakatdan ishchi kuchi importi uchun faqat qurilish sektori va agrosanoat kompleksi korxonalari ariza berishlari mumkin, endilikda tajriba doirasida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari tashkilotlariga ham ruxsat berish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, pilot loyihaning maqsadli ishtiroki saqlanib qoladi: ishchilar aniq ish beruvchining talabidan kelib chiqib jalb etiladi.

Rossiya Mehnat vazirligi potentsial ishtirokchilar doirasini kengaytirish maqsadida O‘zbekistondan mamlakatga mehnat migrantlarini maqsadli olib kirish bo‘yicha pilot loyihaning bir qator parametrlarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi loyiha 2021-yilning 6-oktabrida huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning oktabrida Rossiya Mehnat, Qurilish va Ichki ishlar vazirliklari mamlakatga xorijlik ishchilarni jalb etishning yangi mexanizmi ustida ish boshlagan. O‘zbekiston hukumati bilan tuzilgan maxsus bitimga ko‘ra, Rossiyaga qurilish va agrosanoat kompleksi korxonalariga 10 ming nafar o‘zbekistonlikni jalb etishni nazarda tutuvchi pilot loyiha ishga tushirilgan edi.

Qarorga kiritiladigan o‘zgartirishlar loyihasida keltirilishicha, Mehnat vazirligi ushbu pilot loyiha doirasda Rossiyaga kirishi mumkin bo‘lgan ishchilar sonining amaldagi chegarasidan voz kechishni taklif qilmoqda. Biroq bu o‘z navbatida xorijliklarni iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun kvotalar shaklida jalb qilish bo‘yicha joriy cheklovni bekor qilmaydi. Shuningdek, o‘zgartirishlar bilan ish beruvchining loyihada ishtirok etishi uchun ariza bera oladigan soha turlariga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanadi. “Qurilish sohasida va agrosanoat kompleksi sohasida” degan so‘zlar “va Rossiya iqtisodiyotining boshqa tarmoqlarida” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.

“Investitsion texnologiyalar” MCHJ bosh direktori Dmitriy Kotrovskiyning ta’kidlashicha, “mavjud barcha xarajatlarga qaramay, qurilish sektoriga ishchi kuchi etishmasligi bilan bog‘liq muammolari hech qayerga yo‘qolmagan — hozirda vaziyat ancha yomonlashgan”. Uning so‘zlariga ko‘ra, pilot loyiha doirasida mamlakatga kirishiga ruxsat beriladigan migrantlar soniga qo‘yilgan cheklovning olib tashlanishi — “bu bozorga ancha arzon ishchi kuchi kelmasa, mavjud resurslar yetmay qolishini tushunishdir”.

Avvalroq Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlarni moliyaviy bonuslar bilan jalb qilish taklif etilgani, O‘zbekiston fuqarolari endi Rossiyada 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmay yurishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Fikr bildirish