O‘zbeklarning “ikkinchi ona tili”, respublika g‘allakorlarining eng ulkan majburiyati, “urush uchun ishlayotgan AQSh biznesi”. O‘zbek matbuoti 31-mayda nimalar haqida yozgan?
3 mins read

O‘zbeklarning “ikkinchi ona tili”, respublika g‘allakorlarining eng ulkan majburiyati, “urush uchun ishlayotgan AQSh biznesi”. O‘zbek matbuoti 31-mayda nimalar haqida yozgan?

Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 1932-yil 31-may, seshanba

1932-yil 31-may kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

60 yil avval. 1962-yil 31-may, payshanba

“Qizil O‘zbekiston”dan paxtakor-o‘rtoqlarga navbatdagi murojaat (avvalgi ayrim namunalarni bu yerda va bu yerda ko‘rish mumkin):

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 31-may sonidan lavha

1962-yilgi O‘zbekistonda nafaqat paxta, balki g‘alla ham yetishtirilgan. “Qizil O‘zbekiston”ning yozishicha, “respublikamiz g‘allakorlarining bu yilgi majburiyati har yilgidan ham ulkan”, “yetti yillikning to‘rtinchi yilida (bu 1962-yilga to‘g‘ri keladi — “Daryo”) 952 ming tonna don yetishtirish majburiyati olingan”. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda 2021-yilda 6 million tonnadan ko‘proq g‘alla yetishtirilgan, 2022-yilda bu ko‘rsatkich yana 1—1,5 million tonnaga oshishi kutilmoqda.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 31-may sonidan lavha

Sovet davrida hamma musobaqalashgan — respublikalar respublikalar bilan, viloyatlar viloyatlar bilan, korxonalar boshqa turdosh korxonalar bilan, kolxozlar boshqa kolxozlar bilan (SSSR esa AQSh bilan). Musobaqalashayotgan bir tomon ora-chora “raqiblari”ning maydoniga borib, ularning ahvolini joyida o‘rganib turgan. Muammolarni ko‘rib qolsa, ayash yo‘q. Masalan, Farg‘ona viloyatining Quva tumaniga kelgan andijonlik paxtakorlardan biri shunday deyapti: “Quva rayoni 26 ming tonna paxta beradi. Lekin ahvol yomon. Lenin nomli kolxozda bir necha yildan beri paxta tayyorlash plani bajarilmas ekan. Bu yil ham ish qoniqarsiz”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 31-may sonidan lavha

Toshkentda milliy maktablarda rus tilini o‘qitishni yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan respublikalararo ikkinchi ilmiy konferensiya hali ham davom etmoqda. “Qizil O‘zbekiston”ning konferensiya navbatdagi ish kunidan tayyorlagan reportajidan bir iqtibos: “O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari M.Po‘latov aytadiki,.. rus tili o‘zbeklarning ikkinchi ona tili bo‘lib qolgan hozirgi vaqtda o‘zlashtirilgan rus so‘zlari hatto alohida fonetik o‘zgarishlarsiz tobora ko‘proq iste’mol qilinmoqda”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 31-may sonidan lavha

Moskvada sovet jamoatchiligining yoppasiga qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Anjumanda so‘zga chiqqan Jahon tinchlik kengashi prezidiumi a’zosi, Yoppasiga qurolsizlanish va tinchlik uchun Jahon kongressini o‘tkazishga yordam beruvchi Sovet komiteti raisi, yozuvchi A.Korneychuk shunday deydi: “Bizning davrimizda urush va tinchlik masalasidan ham ko‘ra keskinroq masala yo‘q. Urushning oldini olish hozirgi zamonning asosiy problemasi bo‘lib qoldi. Dunyoda termoyadro urushining xavfi paydo bo‘ldi. Xalqlar ana shu xavfni keltirib chiqarayotgan manbani ko‘rib turibdilar”.

Notiq “sovuq urush” ideologlarini tanqid qilgan: “‘Sovuq urush’ ideologlari qurolsizlanish g‘oyasini obro‘sizlantirishga intilib, odamlarni yoppasiga qirish uchun mo‘ljallangan qurollarning ishlab chiqarilishi go‘yo kapitalistik mamlakatlardagi mehnatkashlarning o‘zlari uchun manfaatlidir, shuning natijasida ular ish bilan ta’min etilmoqdalar, o‘z bola-chaqalarini boqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar, deb jar solmoqdalar. Urush uchun ishlash AQShda eng katta va eng manfaatli biznes bo‘lib qoldi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 31-may sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 31-may, yakshanba

1992-yil 31-may kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

Manba: Daryo

Fikr bildirish