Haftalik doirasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
1 min read

Haftalik doirasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Butun dunyoda BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997 yildan buyon 16 noyabr kuni “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi.

Mamlakatimizda uni keng nishonlash anʼanaga aylangan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida yurtimizda har yili 16 noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlangan “Bagʻrikenglik haftaligi” tashkil etib kelayotganini alohida eʼtirof etish joiz.

15-22 noyabr kunlari “Oʻzbekiston-bagʻrikeng diyor” shiori ostida “Bagʻrikenglik haftaligi”ni bayramona tarzda tashkil etish belgilandi. Haftalik davomida Namangan viloyatida turli madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtishi rejalashtirilgan boʻlib, mazkur haftalik oldidan bugun, 16 noyabr kuni “Nodirabegim” nomidagi viloyat axborot kutubxonasida OAV hamda jurnalist va blogerlar, davlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Namangan viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Alibek Ergashev, viloyat hokimligi jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar kotibiyati bosh mutaxassisi Zohidjon Otayevlar soʻz olib, haftalik doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar, millatlararo totuvlikni taʼminlashda viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yuzasidan axborot berishdi. Shuningdek, davlatimizda turli millat vakillariga yaratib berilayotgan sharoitlarga alohida urgʻu berib oʻtildi.

Qayd etilishicha, haftalik davomida viloyatimizning barcha hududlarida “Oʻzbekiston-bagʻrikeng diyor” shiori ostida turkum madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani ishtirokchilari haftalik boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob olishdi. Qatnashchilar uchun haftalik doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar haqidagi maʼlumotlar tarqatildi.

 

Fikr bildirish