Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi
1 min read

Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 fevraldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bandi uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Meva-sabzavot mahsulotlarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi asosida amalga oshiriladi. Bunda hujjatlardagi mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek, mahsulotlarni O‘zbekiston bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish holatlari uchun eksport qiluvchi javobgar hisoblanadi.”.

Qayd etilishicha, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bandida:

  • bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfining belgilari aniqlanmagan holatlarda, meva-sabzavot mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvi eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida bojxona ko‘rigi o‘tkazilmasdan amalga oshirilishi;
  • bunday mahsulotlar yuklangan transport vositasiga bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan bojxona organi tomonidan identifikatsiya vositalari o‘rnatilishi;
  • bunda hujjatlardagi mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek, mahsulotlarni O‘zbekiston bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish holatlari uchun eksport qiluvchi javobgar hisoblanishi belgilangan.

Bildirilishicha, mazkur holatda eksportga jo‘natiladigan meva-sabzavot mahsulotlari “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan tizimida “sariq” yoki “yashil” yo‘lak orqali rasmiylashtirilganda bojxona organlari tomonidan transport vositalarining yuk bo‘limlariga identifikatsiya vositalari qo‘yilishiga yoki “qizil” yo‘lak orqali rasmiylashtirilganda esa bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmasligiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish, cheklangan resurslardan samarali foydalanish hamda tadbirkorlik sub’yektlariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida qaror loyihasi ishlab chiqilgani aytiladi.

Manba: Kun.uz

Fikr bildirish