2023 yildan tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi
2 mins read

2023 yildan tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab ichki ishlar organlarida bosqichma-bosqich “Ye-patrul” tizimi joriy etilib, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi, barcha ma’lumotlar joyida planshet orqali tekshirilib, patrul-post xizmati xodimlari faoliyati “bodikamera”dan foydalangan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan fuqarolar va boshqa shubhali shaxslarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanadi:

“Ye-patrul” tizimidan foydalanish tartibi;

  • patrul-post xizmati xodimlari harakatlarini qayd etuvchi texnik vositalardan foydalanish tartibi;
  • bodikameralar orqali qayd etilgan ma’lumotlarni hisobga olish va saqlash tartibi;
  • “Ye-patrul” tizimidan foydalanishda xodimning majburiyatlari.

Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda:

  • planshet orqali shaxsni biometrik identifikatsiya qilishda foydalaniladigan “Ye-patrul” dasturiy kompleksining texnik topshirig‘i, dasturiy ta’minoti va mobil ilovasini ishlab chiqadi hamda texnik topshiriqni “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasida davlat standartlarida o‘rnatilgan talablar bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilishini, uning asosida ishlab chiqilgan axborot tizimini ishga tushirishdan avval tizimni texnik topshiriq va axborot xavfsizligi talablariga mosligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilishini, dasturiy ta’minot va mobil ilovaning joriy etilgunga qadar sertifikatlashini ta’minlaydi;
  • nizomga muvofiq ichki ishlar organlari, xususan patrul-post xizmati xodimlarining “Ye-patrul” tizimi, planshet va bodikameralardan foydalanish tartibi yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtiradi;
  • “Ye-patrul” tizimining axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash hamda texnikalariga doimiy xizmat ko‘rsatadigan tegishli tarkibiy bo‘linmani mas’ul qilib belgilaydi.

“Ye-patrul” tizimi faoliyatini raqamlashtirishda zarur kompyuter va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Fikr bildirish