DTM yangi test topshiriqlari to‘plami nashr etilgani haqidagi xabarlarni rad etdi
1 min read

DTM yangi test topshiriqlari to‘plami nashr etilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Ayrim telegram kanallarda Davlat test markazi tomonidan yangi test topshiriqlari to‘plamlari nashr etilgani to‘g‘risida ma’lumotlar e’lon qilindi. DTM holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: DTM

Qayd etilishicha, Davlat test markazi tomonidan «Davr press» nashriyoti bilan hamkorlikda 2019 va 2020 yillarda umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari to‘plamlari chop etilgan bo‘lib, 2021 yilda test topshiriqlari to‘plamlari chop etilmagan.

«Abituriyentlar 2021-2022-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida foydalanilgan test topshiriqlari bilan Davlat test markazining e-DTM tizimi (@e_dtm_bot telegram boti) orqali onlayn tarzda va my.dtm.uz sayti orqali diagnostik test materiallariga buyurtma bergan holda tanishishlari hamda o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin», deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov bu kitoblarni chiqarayotganlarga qonuniy chora ko‘rilishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilinadi.

Bundan oldin imtihonda qo‘lga tushgan abituriyentlar kirish imtihonlaridan 5-7 yilgacha chetlashtirilishi mumkin ekani xabar berilgandi

Fikr bildirish