O‘zbekistonda birlamchi ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlar jarimaga tortilishi belgilandi
2 mins read

O‘zbekistonda birlamchi ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlar jarimaga tortilishi belgilandi

“Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Hujjat bilan iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida ham chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanadi:

  • tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
  • tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
  • ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

Moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bir oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Shuningdek, quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (ko‘rsatilishini) noqonuniy cheklash;
  • litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
  • monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik.

Oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi BHMning 10 ming baravaridan (2,7 milliard so‘m) oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e’tirof etilmaydi hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qo‘llanilmaydi. Bunda tabiiy monopoliya subyektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan tashqari istisno etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda eksklyuziv huquqlarini bekor qilish orqali monopoliyalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangandi.

Manba: Daryo

Fikr bildirish