Bir qator eksklyuziv huquq va imtiyozlar bekor qilinadi – Prezident farmoni
1 min read

Bir qator eksklyuziv huquq va imtiyozlar bekor qilinadi – Prezident farmoni

«Hududgazta’minot», «O‘zbekinvest», «Uz-Prista Recycling», «O‘zbekekspertiza», «Qishloqqurilishloyiha» kabi tashkilotlarning monopol huquqlari tugatiladi.

«Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi.

Qayd etilishicha, quyidagi tashkilotlarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinadi:

  • Aholiga va ijtimoiy obektlarga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha «Hududgazta’minot» AJning eksklyuziv huquqi bekor qilinadi (iyun–sentabr). Shuningdek, maishiy gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish va tashish xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga ochiq tanlov va tender savdolarida g‘alaba qozongan hamda litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy sektor sub’yektlari jalb qilinadi;
  • Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning transport vositasini boshqarishga layoqatini tekshirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan litsenziyasi bor xususiy tibbiyot muassasalari ham shug‘ullanishiga ruxsat beriladi (avgust);
  • Ishlatilgan texnik moylarni to‘plash va qayta ishlashga oid «Uz-Prista Recycling» MChJ QK eksklyuziv huquqi bekor qilinadi (sentabr–oktabr);
  • Tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risida sertifikat berishga oid ekspertiza faqat «O‘zbekekspertiza» AJ tomonidan o‘tkazilishi haqidagi norma bekor qilinadi (iyun–iyul);
  • Qishloq joylarda bosh rejalarni tuzishdagi «Qishloqqurilishloyiha» MChJning eksklyuziv huquqi bekor qilinadi (iyul–avgust);
  • Elektr texnika uskunalari va qurilmalarini markazlashtirilgan holda xarid qilish bo‘yicha «Energo RES» MChJga berilgan eksklyuziv huquq bekor qilinadi (iyun);
  • Paxta mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi urug‘larini sertifikatlashtirish bo‘yicha «Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi» DUKning eksklyuziv huquqi bekor qilinadi (2023 yil fevral);
  • Harbiy kontingentning, soliqchilarning majburiy davlat sug‘urtasi «O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi haqidagi eksklyuziv huquq bekor qilinadi (iyun);
  • «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJning qishloq xo‘jaligi va avtomobil shinalarining yagona yetkazib beruvchisi maqomiga oid qoida bekor qilinadi (iyul);
  • O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ham amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

Manba: Kun.uz

Fikr bildirish