Davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi
2 mins read

Davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitish tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 iyundan xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi.

Davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishda davlat va xususiy ish beruvchilar talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda davlat buyurtmasini berish;
  • o‘z kasbi bo‘yicha yuqori malakaga ega bo‘lgan xotin-qizlarga baholash markazlari orqali malaka sertifikatlari berish;
  • davlat buyurtmasi asosida kasb-hunar o‘rgangan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlash uchun subsidiya berish;
  • o‘qishni muvaffaqiyatli bitirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun boshlang‘ich kapital ajratish;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va professional ta’lim muassasalarini bitiruvchi xotin-qizlarni axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi kurslarda davlat buyurtmasi asosida o‘qitish.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2022 yil 1 mayga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida Malakalarni baholash markazlari tashkil etilishini ta’minlaydi.

2022 yil 1 iyundan boshlab:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari tomonidan ta’lim muassasalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida mos hududda ish beruvchilar ehtiyojlaridan kelib chiqib xotin-qizlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi;
  • xotin-qizlarni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish hamda kelgusida buyurtma bergan ish beruvchilar tizimida bandligini ta’minlash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
  • xotin-qizlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasini bajaradigan ta’lim muassasalariga tegishli malaka sertifikatini olgan xotin-qizlar uchun o‘qitish xarajati 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga bazaviy hisoblash miqdori 4 barobaridan oshmagan miqdorda, qolganlari uchun 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdori 2 barobaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyundan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va professional ta’lim muassasalari bitiruvchi kurs xotin-qizlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha kurslarda o‘qitishni tashkil etadi.

Manba: Kun.uz

Fikr bildirish