Prezident maktabiga o‘qishga kira olmagan 5-sinf o‘quvchilari yangi ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinadi
1 min read

Prezident maktabiga o‘qishga kira olmagan 5-sinf o‘quvchilari yangi ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinadi

Prezident maktabiga o‘qishga kira olmagan 5-sinf o‘quvchilari yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinishi mumkin. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Prezident ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.

14 aprel kuni prezidentning “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

2022 yil 1 sentabrga qadar vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan ta’lim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 2023 yil 1 iyunga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan va faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi.

Bildirilishicha, Prezident maktabiga 5-sinf kirish imtihonlari ikkinchi bosqichida ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan talabgorlar har bir viloyatda tashkil etilgan aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qish istagini bildirgan taqdirda ariza topshiradi va kvota doirasida ballar ketma-ketligi asosida (24 nafari) imtihonsiz mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinadi.

Belgilangan qabul kvotasidan ortiq talabgorlar bitta ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qish istagini bildirsa, ustunlik yuqori ball to‘plagan talabgorga beriladi. Agentlik tizimida yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirishda talabgorning hududiy mansubligi inobatga olinmaydi.

Yangi ochilgan ixtisoslashtirilgan maktablarning aniq fanlar yo‘nalishiga o‘quvchilar qabuli 2022/2023-o‘quv yilida 5-11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7-11-sinflarga, keyingi o‘quv yillarida tegishlicha 5- va 7-sinflarga amalga oshiriladi.

Fikr bildirish