Tez yordam xodimlarining maoshi 10-15 foizga oshiriladi
2 mins read

Tez yordam xodimlarining maoshi 10-15 foizga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kelasi haftada tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha qaror imzolaydi. Bu haqda davlat rahbari bugungi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Unga ko‘ra, tez tibbiy yordam va shoshilinch xizmat xodimlari oyliklari, toifasiga qarab, 10 foizdan 15 foizgacha oshiriladi.

Shuningdek, tez tibbiy yordamning malakali va natijaga erishgan xodimlari oyligiga 100 foizgacha ustama joriy qilinadi.

  • Eslatib o‘tamiz, mart oyida imzolangan farmoyishga asosan, 1 iyundan boshlab sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab 15 foizgacha oshirilishi belgilangan.

5 may kungi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, tez tibbiy yordam brigadalarining 500 dan ortig‘ida vrach yetishmaydi. 6 mingdan ortiq shifokor o‘rindoshlik asosida ishlamoqda.

Vaholanki, xalqaro tajribada barcha chaqiruvlar uchun ham vrachlar bo‘lishi shart emas.

Shu munosabat bilan chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga ko‘ra saralash tizimi joriy etiladi. Yangi tashkil etiladigan koll-markaz dispetcherlari shunga qarab, vrach yoki feldsherdan iborat tibbiy brigadalarni yo‘naltiradi.

Xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning o‘zida haydovchi hisoblanadi.

Shu bois, yangi o‘quv yilidan tibbiyot texnikumlari va kollejlarida feldsherlikka o‘qiyotgan yoshlar bir vaqtning o‘zida haydovchilikka ham o‘rgatiladi.

Shu bilan birga, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni bemorlar tomonidan xolis baholash orqali tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, har chorak yakunida faoliyati bemorlar tomonidan yaxshi baholangan brigadalar xodimlari oylik ish haqining 50 foizi miqdorida mukofotlanadi.

Tez tibbiy yordam tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Misol uchun, xorijiy grant hisobiga, Samarqand shahrida tez tibbiy yordamni o‘rgatadigan simulyatsion markaz tashkil etilib, 100 nafar tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining amaliy malakasi oshirilgan. Bunday markaz Toshkent shahrida ham mavjud.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimlariga bunday markazlarni respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etishni boshlash topshirig‘i berildi.

Shu bilan birga, tez yordam brigadalarining 12 mingdan ziyod shifokorlari va 28 mingga yaqin feldsherlarini o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun, vazirlik huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv-mashg‘ulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi tizimiga o‘tkaziladi va Xodimlarning malakasini oshirish maktabi sifatida qayta tashkil etiladi.

Malaka oshirish ishlarini sifatli tashkil etish uchun Turkiya, Koreya, Fransiya kabi tez yordam tizimi ilg‘or bo‘lgan mamlakatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.

Fikr bildirish