1 min read

Namanganda 43 yoshli ayol boshqaruvidagi «Nexia» pastlikka tushib ketdi

Namangan viloyati Pop tumanida 1 avgust kuni 43 yoshli ayol boshqaruvidagi «Nexia» avtomashinasi yoʻl chetidagi pastlikka qulab tushdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.

Maʼlum boʻlishicha, holat Namangan viloyati Pop tumani Qoʻshminor mahallasidan oʻtuvchi Toshkent–Oʻsh avtomobil yoʻlining 245-kilometrida sodir boʻlgan. «Nexia» mashinasini ishonchnoma orqali boshqarib kelayotgan Andijon viloyatida yashovchi 1978 yilda tugʻilgan ayol harakat xavfsizligini taʼminlay olmay, yoʻl chetidagi pastlikka tushib ketgan.

 

Aniqlanishicha, yoʻl-transport hodisasi oqibatida haydovchining 1962 yilda tugʻilgan mahalladoshi voqea joyida halok boʻlgan. Bundan tashqari, haydovchi bosh miya ochiq shikasti, 11 yoshli yoʻlovchi qiz bosh miya chayqalishi, 48 yoshli yoʻlovchi ayol bosh miya yopiq shikasti tashxisi bilan tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

 

Holat yuzasidan Pop tuman tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkentda «Matiz» koʻprikdan tushib ketgani xabar qilingandi. Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda «Nexia» zovurga tushib ketgani va Samarqandda «Gazel» tik balandlikdan jarlikka qulab tushgani maʼlum qilingan.

 

 

Fikr bildirish