Pandemiya sharoitida saylov huquqini taʼminlash yoki turgan joyida ovoz berish
3 mins read

Pandemiya sharoitida saylov huquqini taʼminlash yoki turgan joyida ovoz berish

Fuqarolarning davlatdagi siyosiy faolligi siyosiy huquqlarda ifodalanadi. Saylov fuqarolarning siyosiy huquqi hisoblanib, fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimidagi eng dolzarbi sanaladi.

Hozirgi davrda demokratik siyosiy tartib joriy qilingan mamlakatlar siyosiy-huquqiy tizimining asosiy qoidasiga aylangan saylash va saylanish huquqi oʻzining uzoq oʻtmishiga ega.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilgan islohotlar saylov huquqini amalga oshirishda ham koʻzga tashlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining qabul qilinishi, unda ovoz berish tartiblarining saylovchilarga qulay tartiblari joriy etilganligi alohida ahamiyatga ega. Jumladan, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, xorijdagi fuqarolarimizning muddatidan oldin va turgan joyida ovoz berish huquqi qonuniy mustahkamlanganligi bunga misol boʻladi.

Saylovlarni tashkil etuvchi komissiyalar saylovchilar roʻyxatini uyma-uy yurib aniqlashtirish vaqtida nogironligi boʻlgan saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqlashtirishlari boʻyicha koʻrsatmalar berilgan.

Nogironligi boʻlgan saylovchilarning roʻyxatini tuzish, turgan joylarida ovoz berishini tashkil etish choralarini koʻrishi belgilangan.

Pandemiya sharoitida oʻtkazilayotgan Prezident saylovi boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi mutasaddi sanaladigan tibbiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi yoʻriqnoma ishlab chiqdi.

Ushbu 1104-sonli yoʻriqnomaga koʻra, koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan joyida yaʼni yashash manzilida ovoz berishini tashkil etiladi.

Bunda, uchastka saylov komissiyasi saylovchi uchun alohida

himoya vositalari toʻplamini tayyorlaydi.

Sellofan paketga tibbiy niqob, tibbiy qoʻlqop, uchastka saylov komissiyasining ikki aʼzosi tomonidan imzolangan, muhr bilan tasdiqlangan saylov byulleteni solingan toʻplamda boʻlishi kerak.

Uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi shaxsiy

himoya vositalari bilan himoyalangan holda koʻchma saylov qutisini

dezinfeksiyalab, saylovchining turgan joyiga boradi.

Saylovchi va komissiya aʼzolari oʻrtasida ijtimoiy masofa saqlangan

holda saylovchining shaxsi aniqlanadi, soʻng komissiya aʼzosi saylovchiga

sellofan paketga solingan toʻplamni va imzo qoʻyishi uchun saylovchilar

roʻyxatidan koʻchirmani beradi.

Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida saylovchilar

roʻyxatidan koʻchirmaga imzo qoʻyadi. Saylovchiga yashirin ovoz berish huquqi

taʼminlanadi. Shundan soʻng, saylovchi saylov byulletenini koʻchma saylov

qutisiga tashlaydi.

Ovoz berish amalga oshirilganidan soʻng komissiya aʼzosi koʻchma saylov

qutisining qismlari (yuza, yon va dastak)ni dezinfeksiyalaydi.

Bu vaqtda hozir boʻlgan kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari

vakillari shaxsiy himoya vositalari bilan himoyalangan boʻlishi shart.

Koronavirus infeksiyasidan statsionar davolash muassasalarida

davolanayotganlar va ushbu maskanlarning ishchi-xodimi boʻlgan

saylovchilarning ovoz berishini tashkil etish uchun ushbu muassasalarda

saylov uchastkalari tuzilish mumkin. Yashirin ovoz berishni tashkil qilish uchun ushbu toifadagi binolarda koʻchma ovoz berish kabinalaridan foydalaniladi.

Ushbu muassasalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish

mazkur muassasalarning ichki tartib-qoidalariga hamda Oʻzbekiston

Respublikasining Sanitariya qoidalari va meʼyorlari talablariga qatʼiy amal qilgan holda oʻtkaziladi.

Demokratik davlatda fuqarolarning saylov huquqlari taʼminlanishi belgilangan. Mamlakatimizda ham har qanday sharoitda saylovchilarning ovoz berishlari uchun shart-sharoit yaratilmoqda.

Fuqarolarimiz oldidagi asosiy masʼuliyat esa, oʻz saylov huquqlarini amalga oshirish va faol saylov huquqlaridan foydalanib, farzandlarining farovon kelajagi uchun ovoz berishlari hisoblanadi.

 

Ozodaxon Chuboyeva,

6-Namangan okrug saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari.

Dilorom Sayfitdinova,

6-Namangan okrug saylov komissiyasi aʼzosi.

Fikr bildirish