Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boshlandi. Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
1 min read

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boshlandi. Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Sessiya kun tartibiga tashkiliy masala qoʻyildi. Davlat rahbari Qashqadaryo viloyat hokimi lavozimiga Azimov Murodjon Berdialiyevich nomzodini koʻrsatdi.

Shavkat Mirziyoyev: Qashqadaryoga yangi hokim tayinlashimiz kerak. Bu elning feʼlini bilgan odamning nomzodini aytmoqchiman. Men uni kecha emas, 15 yildan beri bilaman. Bojxona tizimida tajriba toʻplagan, mening ishonchimni oqladi. Albatta ogʻir boʻldi, ammo toza ishladi, sindirdi korrupsiyani. Oʻzimga oʻzim savol beraman. U yoki bu sohaga, hududga rahbarni toʻgʻri tanladimmi? Baʼzan ishonch bilan, baʼzan ilojsizlikdan kadr qoʻyamiz. Chunki yaxshi kadr topish juda qiyin. Bilasizlarmi, bitta maktabga fidoyi direktor kelsa, muhitni qancha yaxshi tomonga oʻzgartiradi.

Bu nomzodni faqat prezident aytgan boʻlib qolmasligi uchun 6 oy viloyatga joʻnatib, sizlar oldingizda sinovdan oʻtkazdim. Barcha deputatlar va viloyat faollariga aytmoqchiman, sizlar befarq boʻlmasangiz, sizlar birdamlik bilan ishlasangiz, viloyatda hayot oʻzgaradi. Bugungi qoʻyadigan hokimimiz Qashqadaryo viloyatining taqdirini oʻzgartirishi kerak.

Avvallari Namanganga borganda tadbirkorlik yoʻq edi, rivojlanish yoʻq edi. Bosh vazir paytimda viloyatga borsam, «bu koʻchaga kirib boʻlmaydi, vaziyati boshqacha» deyishardi. Mana yaxshi nomzod qoʻydik, Namangan xalqining ishonchini qozondi, hozir bu viloyat oldingi oʻrinlarda. Nega Qashqadaryoda shunday boʻlmasligi kerak?

Bu viloyat boshqa hududlardan orqada. Bu yerda ertalab yarim soat vaqtliroq ish boshlab, kamida 2 soat koʻproq ishlash kerak. Bu yerda hokim boʻlgan odam qattiqqoʻllik bilan ish olib borishi zarur.

Davlat rahbari deputatlarda agar boshqa nomzodlar boʻlsa, uni ham koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Sessiyada faollar va deputatlar nomzodni qoʻllab-quvvatlashdi.

Fikr bildirish