Xalq ta’limi vazirligi bitiruv sinflarda imtihon o‘tkaziladigan sanalarni e’lon qildi
2 mins read

Xalq ta’limi vazirligi bitiruv sinflarda imtihon o‘tkaziladigan sanalarni e’lon qildi

Bayram munosabati bilan 9-sinflar uchun imtihon vaqti ko‘chirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi.

Joriy yilda umumta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari 2022 yil 25 may kuni tugaydi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilarini yakuniy nazorat imtihonlari 26 maydan 15 iyunga qadar o‘tkaziladi.

2021-2022 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili, matematika, tarix, jismoniy tarbiya va qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarning tanlovi asosida belgilangan fan bo‘yicha imtihon topshiradi.

11-sinf bitiruvchilari esa ona tili va adabiyot, matematika, chet tili, tarix va va qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarning tanlovi asosida belgilangan fan bo‘yicha yakuniy nazorat imtihonini topshiradi. Bunda, tanlov har bir o‘quvchining ixtiyoriga ko‘ra 9-, 11-sinfda o‘qitilgan fanlar doirasida tanlanadi va yakuniy davlat imtihoni o‘tkazilishidan bir oy oldin o‘quvchining arizasiga asosan amalga oshiriladi.

Variativ o‘quv rejalari joriy etilgan sinflarda ta’lim oladigan o‘quvchilar ham tanlov fanlaridan birini yakuniy davlat imtihoni o‘tkazilishidan bir oy oldin ariza asosida tanlaydi.

O‘quvchilar tomonidan tanlangan fanlar bo‘yicha ta’lim tilini inobatga olgan holda, 9- va 11-sinf kesimida guruhlar shakllantirilishi hamda tanlangan o‘quv fanidan yakuniy nazorat imtihonini o‘tkazish haqida umumiy o‘rta ta’lim muassasasi Pedagogika kengashi qaror qabul qiladi.

Bayram munosabati bilan, qo‘shimcha dam olish kunlarini inobatga olgan holda, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinf o‘quvchilari uchun “Jismoniy tarbiya” fanidan yakuniy nazorat imtihonlari joriy yilning 2-7 may sanalaridan 11-14 may kunlariga ko‘chiriladi.

Joriy o‘quv yili yakunida  5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari bo‘lmaydi. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari va maktab-internatlarida esa bosqichli imtihonlar ular ichki nizomiga muvofiq ixtisoslashuv fanlari doirasida amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchilar bitiradi.

Fikr bildirish