2 mins read

MAHORAT TANLOVI – FAOLIYAT SAMARASI

Kecha Namangan shahridagi pedagogika kollejida maktabgacha taʼlim tizimida oʻtkazilayotgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2021” respublika kasbiy koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

Tizim tarbiyachilarining kasb mahoratini takomillashtirish, ularning ilgʻor pedagogik texnologiyalar, xususan, innovatsion usullardan samarali foydalanish boʻyicha tajribalarini ommalashtirish maqsadlariga qaratilgan ushbu tanlovning  dastlabki saralash bosqichlarida qariyb 2 ming 500 dan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. Ular “Eng yaxshi metodist tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarni qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi gʻoya muallifi” hamda “Mohir qoʻl ustasi”  kabi nominatsiyalar boʻyicha bahs olib borishdi.

Mazkur jarayonlarda gʻolib chiqqan 75 nafar mutaxassis mamlakat bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritish uchun tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etdi. Ularning besh yoʻnalishda bajargan shartlarini talabchanlik bilan baholagan hakamlar hayʼati poytaxtda Namangan viloyati sharafini himoya qiladigan tarbiyachilar nomini aniqlab berdi. Yakuniy xulosaga koʻra, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Feruza Mamadaliyeva “Eng yaxshi metodist tarbiyachi”, Pop tumanidagi 14-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Komuna Burxonova  “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, Chust tumanidagi 51-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Margʻuba Muxtorova  “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, Chortoq tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Gulgina Abdulina,  “Eng yaxshi gʻoya muallifi”,  Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 15-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi Nargiza Akbarova   “Mohir qoʻl ustasi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib, deb topildilar.

Ilm- maʼrifat va mahorat namoyishi natijasiga bagʻishlangan mazkur tadbirda Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev qatnashdi. U muhtaram Prezidentimiz tomonidan tamomila qayta isloh etilgan maktabgacha taʼlim tizimining soʻnggi besh yillik samarali faoliyatini eʼtirof etar ekan, mazkur tanlov sohaning sifat tamoyilini yanada yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbir davomida viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Hilola Yusupova gʻolib va sovrindorlarni qizgʻin tabrikladi. Ularni tanlov diplomlari, tashakkurnomalar va  qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi.

Saidolim Abdurahmonov viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot kotibi.

Fikr bildirish