4 mins read

KAM TAʼMINLANGAN OILALARGA MODDIY YORDAM KOʻRSATISH HAMDA KAMBAGʻALLIK BILAN KURASHISH KOʻLAMINI YANADA KENGAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

Bola tarbiyalayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoya va koʻmakka muhtoj oilalar moddiy taʼminotini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda umum eʼtirof etilgan xalqaro standartlarni va avtomatlashgan shaffof elektron baholash mexanizmlarini joriy etish orqali nafaqalarni toʻlash tizimini bolalar salohiyatini rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga qaratish maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:

 

a) 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi oʻrniga kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi (keyingi oʻrinlarda – bolalar nafaqasi) joriy etiladi. Bunda, bolalar nafaqasini tayinlashda:

 

inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;

 

toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;

 

uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qoʻllaniladi;

 

b) yakka-yolgʻiz boʻlgan fuqarolarga, farzandi boʻlmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.

 

2. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab bolalar nafaqasi va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam toʻlovlarining quyidagi miqdorlari belgilansin:

 

a) bolalar nafaqasining har oylik miqdori:

 

250 000 soʻm – 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bitta farzandi uchun, 325 000 soʻm – yoshi 3 yoshgacha boʻlgan bitta kichik farzandi uchun;

 

150 000 soʻm – oilaning ikkinchi farzandi uchun qoʻshimcha;

 

100 000 soʻmdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;

 

b) kam taʼminlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 soʻm.

 

Bunda, 2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga toʻlguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamni toʻlash muddatlari tugagunga qadar, mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni toʻlash muddatlari saqlab qolinadi.

 

3. Moliya vazirligi 2021 yil yakuniga qadar bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi kam taʼminlangan oilalar sonining oʻrtacha 20 foizga oshishini hisobga olgan holda 2021 yilda ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirishga byudjetdan qoʻshimcha mablagʻ ajratsin hamda Davlat byudjetining 2022 yildagi parametrlarini shakllantirishda mazkur Farmonning amalga oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlarni nazarda tutsin.

 

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar va shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi.

 

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (SH.Sadikov) bilan birgalikda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi maʼlumotlar bazasidagi kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar va shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishi hamda axborot almashinuvining samarali ishlashini taʼminlasin.

 

5. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov), Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda 2021 yil 20 avgustga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

 

kam taʼminlangan bolali oilalarga nafaqani hamda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va toʻlash tartibi;

 

minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibi.

 

6. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmon maqsadi, vazifalari va bundan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq
oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

9. Moliya vazirligi bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari I.I. Norqulov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021 yil 1 noyabr va 2022 yil 1 aprelga qadar axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti SH. MIRZIYOYEV

 

Fikr bildirish