1 min read

OʻzLiDeP deputatlari Mingbuloq tumani chekka qishloqlaridagi 42 nafar xotin-qizlarni ragʻbatlantirishdi

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yilligi munosabati bilan OʻzLiDeP Namangan viloyat kengashi, viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda OʻzLiDeP deputatlik guruhi hamkorligida Mingbuloq tumani Dovduq, Gigant, Gulbogʻ va Amir Temur hududidagi chekka qishloqlarda aholi vakillari ishtirokida «Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazildi.

Tadbirda viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, OʻzLiDeP viloyat Kengashi raisning Ayollar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Iroda Qoʻchqarova tomonidan mamlakatimizda «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun», «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Shuningdek oilalar farovonligini mustahkamlash, ajrimlarni oldini olish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruxida tarbiyalash borasida bugungi kunda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar haqida soʻz yuritildi.

Tadbirda ishtirok etgan xotin-qizlar tomonidan koʻtarilgan 10 dan ortiq masalalarga joyida yechim topildi.

Tadbir davomida 42 nafar xotin-qizlarga OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzolari Olimxon Babaxanov va Gʻiyosiddin Babaxanovlarning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Fikr bildirish