Dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi
1 min read

Dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Bugun 2-mart kuni Namangan viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan Namangan shahrida joylashgan “Axsikent” mehmonxonasida dual ta’limni tashkil etish yuzasidan seminar tashkil etildi.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

Viloyatdagi kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda turizm va unga yondosh bo‘lgan kasblar uchun dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha tashkil etilgan ushbu seminarda kelgusi o‘quv yilidan boshlab dual ta’limni joriy etish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.

Seminar ishtirokchilari Namangan viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi va “Axsikent” mexmonxonasida dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha o‘quvchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

Ma’lumot uchun, Dual ta’lim tizimi – ixtisoslashgan ta’lim turi bo‘lib, talaba nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarini esa bevosita ish joyida, ya’ni, tashkilotda olish imkoniyatini yaratib beradi. Dual ta’limining asosiy maqsadi ta’lim muassasasi va ish beruvchilarning sa’y-harakatlari amaliy mashg‘ulotlarning asosiy omili sifatida birlashtirib, talabalarning kasbiy tayyorgarlik sifatini oshirishdan iborat.

Fikr bildirish